SAFIYAga
(“Aya, yuzgacha sanab boʻldim...”)
“Bir, ikki, uch... oʻn bir, oʻn ikki”.
- Aya, tun nega qora?
“Yigirma sakkiz, yigirma toʻqqiz, oʻttiz...”
- Dev nimaga oʻxshaydi, aya?
“Oltmish, oltmish bir, oltmish ikki”.
- Qoʻrqmay qolamanmi koʻp ovqat yesam?
“Sakson besh, sakson olti, sakson yetti”.
- Yuzgacha sanasam, uxlab qolaman-a?
“Yuz!”
Tunni, vaqtni, ishonchni, umidni parchalab tashlaydi yuz.
Yuz oʻzini uradi devorga, derazaga, zulmatga...
Va pastga qulaydi.
Parchalanadi.
Qaytadan boshlaysan hammasin.
“Yuz!”
Unga yetsang,
xalos boʻlasan qoʻrquvdan,
unga yetsang, tunning rangi oʻzgarar.
Unga yetsang...
Serpusht xotinga oʻxshaydi yuz.
Tugʻaveradi, tugʻaveradi...
Ikki yuz, uch yuz, toʻrt yuz...
“Yuz”lar aylanadi yotoqxonada.
Nafas olaman - yuz,
Chiqaraman - yuz.
Oʻpkamni qiynaydi yuzlar.
Oʻpkamni chaynaydi yuzlar.
Tilga kiraman nixoyat.
Tasavvurga erk ber:
Gullar haqda oʻyla,
Sana shudring tomchilarini.
Bir tomchi, ikki tomchi, uch tomchi...
Zulmatning yuziga sep ularni.
Toki seskansin.
Oʻziga kelsin.
Toki qoʻrqmaydigan boʻlsin bolalar.
Va ortidan yugur kapalaklarning
Sening orzularing kabi turfadir, qara.
Oq – bir, sariq – ikki, moviy – uch, safsar – toʻrt...
Sen ranglarni kashf et.
Kesib oʻt ularning chegarasini.
Tunni boʻya.
Sen istagan rangga kiradi dunyo.
Sana, suvning shildirashini.
Shamol shovurin,
Qushlar chugʻurin,
Hatto sanash mumkin yulduzlarning koʻz qisganini.
Hatto goʻzallik bor qora chigirtkaning chirillashida.
Qoʻrquvdan qoʻrqma!
Qoʻrquv bu – dadang,
Qoʻrquv bu – men.
Yana opang ham.
Bizni yaxshi koʻrganing kabi
Uning qoʻllaridan tut,
Oʻpib qoʻyish mumkin yuzidan.
Uning koʻzlarida
shudring,
kapalak,yulduzlar, ranglar, osmon, opang.
Mana, senga qoʻrquv...
Pish-pish uyquga ketasan bagʻrimda.
Men davom ettiraman sanoqni:
Ming, ikki ming...
* * *
Ayol tushlarini tonglarga sepdi,
Don tergandek terib yedi chumchuqlar.
Shundan beri tong otmadi hech,
Ovozini izlab yuradi qushlar
Ayol tushlarini anhorga sepdi,
Ushoq deb oʻyladi sodda baliqlar.
Shundan beri taʼmi oʻzgardi suvning
Baliqlar anhorni dengiz deb oʻylar.
Ayol tushlarini havoga sochdi,
Bevatan chaqmoqlar qoshiga keldi,
Bevatan shamollar qoshiga keldi,
Bevatan yomgʻirlar qoshiga keldi.
Ayol tushlarini Odamga aytdi,
Odam indamadi...
Ketdi.
(Ayol chaqmoqdek titradi,
Shamoldek toʻrt tomon urdi oʻzini,
Yomgʻirga aylandi, tonggi yomgʻirga)
Shundan beri ovozin yoʻqotgan Ayol,
Hayotni shoʻr dengiz deb qilar tasavvur.
Eng yomoni, tush koʻrmaydi hech,
(Odam esa... Qaytmadi hanuz)